Salohiddin Ayyubiyning adolati
04 2015 .
2631 қ.

 Salohiddin Ayyubiyning adolati

 
   Salbchilarning yarim yovvoyi lashkari sarhadlari Falastindan Antioxiya (hozirgi Turkiyaning janubiy-sharqiy qismidagi Antiokiya shahri)gacha cho‘zilib ketgan Quddus podshohligini tashkil etib, Quddusni o‘z poytaxtlariga aylantirdi. Biroq muqaddas Falastin yerlariga dahshat va qayg‘u-alam olib kelgan bebosh salbchilarning hukmronligi uzoq davom etishi mumkin emas edi. Taniqli sarkarda va siyosiy arbob, Qohira sultoni Salohiddin Ayyubiy Yaqin Sharqdagi barcha musulmon amirliklarini birlashtirib, 1187 yil 3 iyulda Jalila (Genisaret) ko‘lidan g‘arbroqdagi Xittin qishlog‘i yaqinida bo‘lgan jangda salbchilarning qo‘shinlariga qaqshatqich zarba berdi. Jangdan so‘ng salbchilar qo‘shinlarining ikki bosh qo‘mondoni Reno Shatilonskiy va qirol Gi Salohiddin Ayyubiyning huzuriga olib kelindi. Shundan keyin musulmonlarni qiynoqqa solish va qirg‘in qilish bilan yomon nom chiqargan Reno Shatilonskiyni qatl qilishga qaror qilindi. Qirol Gini esa, aybi bo‘lmaganligi uchun ozod qilib yubordilar. Falastin odamlar orasidagi chinakam adolatli munosabatga yana bir karra guvoh bo‘ldi.
      Xittindagi jangdan so‘ng Salohiddin Ayyubiy Quddus shahrini salbchilar hukmronligidan batamom ozod qildi, aynan Me’roj kechasi arafasida Falastinning 88 yillik istilosiga nuqta qo‘yildi. Salbchilarning 88 yillik hukmronligi davrida shaharda qachonlardan buyon yashab kelgan barcha musulmonlar yo‘q qilingan edi. Salohiddin qo‘shinlari shaharga kirib kelgandan so‘ng, unda qolgan salbchilar o‘zlari ham ana shunday qismatga duchor bo‘lishlarini qo‘rquv bilan kutdilar. Biroq Salohiddin shahardagi bironta ham nasroniyga zarar yetkazmadi. Bundan tashqari, u faqat o‘zlarini salbchilar qo‘shiniga mansub hisoblagan katolik nasroniylarga shaharni tark etishni buyurdi. Pravoslav nasroniylar esa shaharda qolib, hech qanday jabr-zulm va kamsitish ko‘rmay, odatdagiday hayot kechirdilar va diniy ibodatlarini ado etdilar. Angliyalik tarixchi Karen Armstrong musulmonlarning Quddusdagi ikkinchi g‘alabasini shunday ta’riflaydi:
1187 yilning 2 oktyabrida Salohiddin va uning qo‘shinlari Quddusga g‘olibona kirib kelishdi va endi shahar 800 yil musulmonlarniki bo‘lishi kerak edi. Salohiddin pravoslav nasroniylarga va’da berganiday, shaharda Islom adolatining yuksak tamoyillarini o‘rnatdi. Qur’onga itoatan u hech kimga zulm o‘tkazmadi, 1099 yildan buyon salbchilar tomonidan shaharda qirib tashlangan dindoshlarining begunoh o‘limi uchun qasos olmadi. Bironta ham nasroniy qatl etilmadi, ulardan biron kishiga ham zulm qilinmadi. Asir tushgan salbchilar uchun tovon puli eng kam miqdorda belgilandi. Qur’on oyatlari orqali buyurilganiga ko‘ra, og‘ir aybi bo‘lmagan ko‘plab salbchilar tovon pulisiz ozod qilib yuborildi. Salohiddinning inisi Odil ishlatish uchun o‘ziga 100 yaqin asirni so‘rab olgan edi, ammo keyinchalik ularning og‘ir ruhiy holatdaligini ko‘rgach, hech qanday tovonsiz barcha harbiy asirlarga javob berib yubordi. Ayrim boy nasroniylar shahardan ketishga qaror qildilar. Ular barcha boyliklarini o‘zlari bilan olib, shaharni hech qanday to‘siqsiz tark etdilar. Vaholanki, ana shu boyliklar barcha asirlarni sotib olib, ozod qilishga yetarli edi. Yepiskop Geraklius o‘zi uchun 10 dinor to‘plab, to‘plagan hamma mol-mulkini aravaga yuklab, shaharni xotirjam tark etdi.
Sulton Salohiddin va uning qo‘l ostidagi musulmon qo‘shinlari nasroniylarga chinakam adolat va rahm-shafqat bilan munosabatda bo‘ldilar, mag‘lubiyatga uchragan jangchilarga ularning salbchi sarkardalariga qaraganda ham ko‘proq adolat ko‘rsatdilar.
        Falastinning boshqa shaharlari ham salbchilarning vahshiyligiga duchor bo‘lgan edi. Xalq qahramoni sifatida talqin qilinadigan Angliya tarixining afsonaviy shaxsi Richard Sheryurak 1119 yilda III salb yurishida hozirgi Isroil hududidagi Akkon (Akra) qal’asini qamal qilishda qatnashgan. Qal’a taslim bo‘lgandan keyin, u tovon to‘lash va sulh takliflarining birontasiga ko‘nmay, shahardagi deyarli 3000 musulmonni, ayollar va bolalarni ham qo‘shib qatl qilishga buyruq beradi. Shaharni salbchilardan ozod qilgan musulmon qo‘shinlari tinch aholining vahshiyona qatl etilganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Hattoki qarindoshlar va yaqinlaridan judolik alami ham musulmonlarga g‘animdan o‘ch olib, zulm qilishga yo‘l qo‘ymadi. Chunki Parvardigor Qur’onda musulmonlarga shunday deb buyurgan: 
«Ey mo‘minlar, biron qavmni yomon ko‘rishingiz haddingizdan oshishingizga tortmasin» (Moida, 2).
      Musulmonlar hech qachon tinch aholiga qarshi harbiy kuch ishlatmaganlar. Hattoki mag‘lub bo‘lgan salbchilarning qo‘shinlariga nisbatan ham jazo va shafqatsizlik qo‘llanilmagan. Chunki Islom zo‘ravonlik, ziddiyatlar, urushlar va terrorni tag-tomiri bilan yo‘qotish yo‘li hamda adolat, tinchlik, diniy bag‘rikenglik va farovonlik kafolatidir.
Azizbek Ashurov
Mahmud Torobiy masjidi imom xatibi 
 
«қ

-
: 06:30
: 07:25
: 13:10
: 16:55
: 18:35
: 20:10
Ңқ қ »
» »
»
Telegram