Aql haqida
16 2016 .
3053 қ.

 Aql haqida

Alloh Xoliqi Zul Jalol avval aqlni yaratdi. Bu haqda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: 
«Alloh aqlni yaratib, uni nur ichiga qo‘ydi. Ilmni aqlning taniga kiydirdi. Fahm (sezgi)ni aqlning joniga berdi. Zuhd va taqvoni unga joylashtirdi. Ixlosni yuziga berdi. Xasislik (to‘ymaslik)ni qulog‘iga berdi. Rostlikni tiliga berdi. Jo‘mardlik (saxovat)ni qo‘liga berdi. Tavakkulni beliga berdi. Qo‘rquvni belidan pastga, umidni belidan balandga berdi. Keyin Alloh O’zi yaratgan aqlga shunday xitob qildi:«Ey, aql! Ko‘tar boshingni! Tila, tilagingni beray!» Aql shunday dedi:«Ey, mening Parvardigorim! Men faqir, haqir bir maxluqingman, faqat gunohlarimni kechirishingni so‘rayman. Meni qay qulingga loyiq ko‘rsang, o‘sha bandangni ham kechirgaysan!» Alloh taolo shunday dedi: «Ey, Mening farishtalarim! Sizlar guvoh bo‘ling! Men qay qulimga aql bergan bo‘lsam, o‘sha qulimni kechirdim. Boshida aqli bor kishi har ishini aqlga muvofiq qiladi». Alloh taolo Qur’oni karimda (Naziat, 40-41) marhamat  etadi: «Ammo kim Robbining azamatidan qo‘rqib o‘zini yomonlikdan (havoi nafsdan, shayton sharridan) qaytargan (saqlagan) bo‘lsa, boradigan joyi, shubhasiz, jannatdir!». 
Alloh aqldan so‘ng nafsni yaratdi, taniga esa jaholatni kiygizdi. Shahvatni ko‘ziga berdi. Ochko‘zlikni tomog‘iga berdi. Yolg‘onni tiliga berdi. O’zini xira ko‘rmoqni (xudbinlikni, manmanlikni, kerilishni) ko‘ksiga berdi. Ta’magirlik va hirsni qorniga berdi. Zulmni beliga berdi. G’azabni qo‘liga berdi. Nopoklikni tanosil a’zolariga berdi. Fasod (fisq, g‘avg‘o, buzg‘unchilik)ni oyog‘iga berdi. Shubhani belidan quyisiga, shirkni belidan yuqorisiga berdi. Keyin Alloh marhamat etdi: «Ey, Mening farishtalarim! Guvoh bo‘ling, kim mening amrimni tutmay, nafsiga ergashsa, uni jahannamga otgum».  Alloh Qur’onda (Naziat, 37,38-39 oyatlar) marhamat etadi: «Yo‘ldan ozib, tug‘yonga tushib dunyoni afzal ko‘rib, ustun qo‘yuvchilarning boradigan joyi, shubhasiz, jahannamdir!» 
Demak, har kim ishini aqlga muvofiq ado etmog‘i xayrlidir. Aql qabul qilmaydigan ishdan yaxshilik hosil bo‘lmaydi. Aqlga zid harakat qilgan – nafsiga ergashgandir. Bunday kishining jahannamga tushishiga Alloh farishtalarni guvoh qildi. 
Inson uchun eng buyuk dushman — nafsdir. Nafs, yomonlikdan omon bo‘lmoq — aqlga quloq solmoq, aqlning yaxshi ko‘rsatmasiga ko‘ra harakat etmoqdadir. 
Allohning borligi, birligi ham aql bilan taniladi. Payg‘ambarlar aqli yuksakdir. Yo‘llari ham aqlga mu’ofiqdir. Aql bilan ado etilgan amallar jannatga ko‘tariladi. 
Allohning rahmati va barokatiga inson aql bilan yetadi. Roziligini aql bilan qozonadi. 
Allohning borligi va birligini anglamagan, payg`ambarlarga ishonmagan aqlsiz, tentak, dinsiz, kofir, dahriydir. Musulmon bo‘lgani holda nafsining amrida bo‘lgan ahmoqlar ham bor. Alloh Qur’oni karimda shunday deydi: «... ular hayvonlar kabi, hatto tubanroqdirlar...» (Furqon surasi, 44-oyat) Ya’ni nafsiga ergashganlar to‘rt oyoqli hayvonlarqan ham tubanroq bo‘ladi.  Alloh Odam alayhissalomni yaratdi, Jabroil alayhissalom aql, imon va hayoni unga keltirib, shunday dedi: 
— Ey, Odam! Sizga Allohdan salom. Keltirganim uch narsadan birini qabul qilishingni istaydi. 
Odam alayhissalom aqlni qabul qildilar. Jabroil alayhissalom imon va hayoga: 
— Qani, sizlar ayrilib, keting, — dedilar. Shunda imon: 
— Alloh menga aqldan ajramasligimni, u qayda bo‘lsa, o‘sha yerda bo‘lishimni amr etdi. Men aqldan ayrilmayman, — dedi. Keyin hayo: 
— Alloh meni imonga omonat qildi. Imon qayda bo‘lsa, men ham o‘sha yerdaman. Imon bo‘lgan joydan ayrilmasman dedi. Shundan so‘ng uchovi bir joyda qolib, bir-biridan ayrilmadilar. Bu holga ko‘ra Alloh kimga aql bergan bo‘lsa, imon va hayo ham u bilan birgadir. Kimga aql berilmagan bo‘lsa, unda imon ham, hayo ham bo‘lmaydi.
 
 
Romitan tumani Eshoni pir Jome` masjidi
 imom xatibi Ibragimov Olim
 
 
«қ

-
: 06:30
: 07:24
: 13:10
: 16:00
: 17:35
: 19:00
Ңқ қ »
» »
»
Telegram