Birovga zulm qilmang...
02 май 2018 й.
267 марта ўқилди.

Birovga zulm qilmang...
 
    Butun borliqni yo'qdan bor qilgan Alloh taologa hamdu-sanolar, barchalarimizni to'g'ri yo'lga boshlagan, Allohning eng suyukli habibi Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga salavotlar bo'lsin.
    Ma'lumki, Alloh taolo va uning Rasuli, uni qilishdan tamoman qaytargan ishlar gunohi kabira hisoblanadi.
    Darhaqiqat, birovga zulm qilish va ozor yetkazish ulkan gunohlardandir.
    Islom ta'limotida insonga dini va e'tiqodidan qat'iy nazar zulm qilish, tajovuz qilish og‘ir gunoh hisoblanadi. Albatta, inson aziz va mukarram qilib yaratilgan mavjudot. Uni joni, moli va obro‘si daxlsizdir.
    Afsuski, o‘zga din va e'tiqod vakillariga urush e'lon qilgan mutaassib oqimlar Islom dinining insonparvar mohiyatidan g‘ofildirlar. Ularda na ko‘z bor hadislarni tushunadigan, na quloq bor nasihatlarni eshitadigan, na yurak bor insoniyat dardini his etadigan.
    Binobarin, aqidaparast oqimlar, avvalo, Islom dini va musulmonlar uchun katta xavfdir. Islom dini nomidan ish ko‘rishga intilayotgan eksremistik, terrorchi oqimlarning ikki jihati bor:
  1.  O‘zgalarni e'tiqodsizlikda ayblash;
  2. Ularga nisbatan kurash e'lon qilish.
    Muqaddas dinimizda musulmonlar orasida yashayotgan xristian va yahudiylarni zimmiy deb atalib, hattoki, ularga zarar yetkazishdan qaytarilgan. Chunki hadisi shariflarda ham o‘zga din vakillariga bag‘rikenglikka buyurilgandir.
    Payg'ambar alayhissalom: “Iymonning eng afzali – sabr va bag‘rikenglikdir”, deganlar.
    Boshqa bir hadisda: “Kim zimmiyga ozor bersa, men unga dushmandirman. Mening dushmanligim qiyomat kuni bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar.
    Yana bir boshqa hadisda: “Kim ahli zimmiydan bir kishini o‘ldirsa, jannat hidini ham hidlamaydi. Albatta uning hidi yetmish yillik masofadan kelib turadi”, deganlar.
   Islom niqobi ostidagi aqidaparast oqimlarni asl islomdan farqlovchi va uzoqlashtirovchi jihatlari bu rahbarlarga qarshi chiqishdir. Bugungi kunda barcha ekstremistik va terroristik guruhlarni birlashtirib turuvchi jihat ham davlat rahbarlariga, mavjud tuzumga qarshi bosh ko‘tarishdir. Ular yoshlar ongini davlat unaqa bo‘lishi kerak, tuzum bunaqa bo‘lishi kerak degan puch g‘oyalar bilan zaharlamoqdalar. Aslida, islom ta'limoti bo‘yicha, musulmon kishi o‘zi istiqomat qilib turgan davlat qonun-qoidalarini hurmat qilishi, rahbarlarga bo‘ysunishi lozimdir. Diyorimiz musulmonlari asrlar davomida amal qilib kelgan, Hanafiy mazhabi va Moturidiy ta'limotining tamoyillaridan biri ham rahbarlarga bo‘ysunish, ularga qarshi chiqmaslikdir.
    Islomning ikki asosiy manbasining birinchisi Qur'oni Karim bo‘lsa, ikkinchisi Hadis sharifdir. O‘z rahbari, hokimi, ishboshisi, Yurtboshisiga  bo‘ysunish borasida kelgan hadislarning soni yuzdan ortiq ekani davlatga, Vatanga qarshi chiqish og‘ir jinoyat ekani ma'lum bo‘ladi.
    Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qiladi: "Ey iymon keltirganlar, Allohga va uning Payg'ambariga itoat qilinglar va hamda o'zlaringizdan bo'lgan rahbarlarga ham itoat qilinglar". Niso surasi 59-oyat.
    Rosululloh sallallohu alayhi vasallam: "Insonlarga bag'rikeng bo‘linglar, shunda odamlar ham sizlarga shunday muomalada bo‘ladi. Qalbida Alloh taolo insoniyatga nisbatan rahm-shafqat ato etmagan banda eng ziyonkor bandadir", deb ta'kidlaganlar.
    Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qiladi: "Albatta, kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur, uning borar joyi do‘zaxdir. U kunda dunyoda zulm qilguvchilar uchun biror bir yordamchi bo‘lmas". Moida surasi 72-oyat.
    Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi?", deb so‘radilar. Sahobalar: "Ha, Yo Rasulalloh", deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam suyangan holda edilar, o‘tirib oldilar-da: "Ogoh bo‘linglar, birovga zulm qilish va ozor yetkazishdir", deya takrorlayverdilar, hattoki biz, qaniydi to‘xtasalar, dedik".
    Xulosa o'rnida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir hadislarini keltirmoqchimiz, u zot shunday deb marhamat qilganlar: "Musulmonlarning eng yaxshisi uning qo‘li va tilidan boshqalar ozor topmaydiganidir".
 
Karimov Olimjon
Peshku tuman "Xo'ja Peshku" jome'
masjidi imom xatibi
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:05
Куёш: 05:56
Пешин: 13:10
Аср: 18:10
Шом: 19:50
Хуфтон: 21:10
Тўлиқ тақвим »
Сайтдан излаш
Аудио
Telegram