IMOMLIK - BUYUK OMONAT
22 июл 2016 й.
1671 марта ўқилди.

IMOMLIK - BUYUK OMONAT
 
Ma'lumki, namoz eng ulug' ibodatlardan biri bo'lib, dinning asosiy ustuni hisoblanadi. Namozdagi imomlik masalasi har birimiz bilishimiz lozim va shart bo'lgan ilmdir. Hozirgi kunimizda imomlik va u bilan bog'liq masalalar dolzarb tus olgani sabab bu haqida biroz to'xtalib o'tmoqchimiz.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhu aytadilar men Rosululloh sallallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: "Kimki biror qavmga imomlikka o'tsa va namozni mukammal ado etsa, u imomga ham, iqtido qilguvchilarga ham to'liq namozning savobi ato etiladi. Ammo agar uni mukammal ado etmasa, ularga va u imomga to'liq gunoh bo'ladi".
Boshqa bir hadisda Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan shunday deganlarini rivoyat qiladilar: "Kimki biron qavmga imomlik qilsa, bas u Allohga taqvo qilsin. Bilsinki u o'zi kafolatini olgan narsaga, ya'ni namozga mas'uldir. Agar u namozini chiroyli ado etsa, unga ortida namoz o'qiydiganlarning miqdoricha savob beriladi, shu bilan birga ularning ajrlaridan biron narsa noqis qilinmaydi. Agar namozida nuqson bo'lsa, u imomning zararigadir".
Shu o'rinda haqli bir savol tug'ilishi tabiiy, xo'sh, imomlikka odam tanlashda qaysi jihat eng birinchi navbatda inobatga olinadi? Imomlikka imkon boricha ilmi yetuk, taqvoli kishini tanlash lozim. Chunki imomati yomon ko'riladigan imomning namozi durust bo'lmaydi va jamoatning ham tarqalib ketishi, kishilar orasida sovuqchilik tushishiga sabab bo'ladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rosululloh sallalohu alayhi vasallam shunday dedilar: "Uch toifa odamning namozi boshlaridan bir qarich ham tepaga ko'tarilmaydi: odamlar uni yomon ko'rsalarda imomlikka o'tuvchi kishi, eri undan g'azablangan holida tong ottirgan ayol, bir-biriga adovatda bo'lgan ikki birodarning namozi aslo qabul bo'lmaydi".
Yana bir boshqa hadisi sharifda Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu Rosullulloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Allohning kitobi Qur'onni yaxshiroq o'quvchi qori qavmiga imomlik qilsin".
Biz imomlikka o'tishni mansab yoki obro' keltiradigan amal emas, ulug' bir mas'uliyat va iqtido qilguvchilarning omonati deb qabul qilishimiz lozim. Imomlik yosh, mansab, nasl-nasab bilan emas, balki yuqorida ta'kidlanganidek, eng avvalo Qur'oni Karimni yaxshi, tajvid qoidalariga muvofiq o'qish, namoz arkonlarini, uning sahih yoki fasod bo'lish shartlarini mukammal o'zlashtirish bilan o'lchanadi. Afsuski aksariyat jamoatlarda, imom tanlash masalasida muammolar ko'p. Ba'zida bu holat tortishuv va kelishmovchiliklarga ham sabab bo'lmoqda. Agar jamoat ichida imomlikka eng haqli odam qolib, boshqasi imomlik qiladigan bo'lsa, jamoadagilarning barchasi gunohkor bo'lib qolishlari mumkin. Shu sababdan imomlikka o'ta jiddiy ahamiyat berishimiz, uni loyiq odamga topshirishimiz lozim bo'ladi.
 
Karimov Olimjon
Peshku tuman Bobo arab jome` masjidi imom xatibi
 

 

«орқага

Бухоро -
Бомдод: 04:30
Куёш: 05:15
Пешин: 13:10
Аср: 18:30
Шом: 20:10
Хуфтон: 21:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram