Oilada sog’lom bola tarbiyasi
27 май 2016 й.
1106 марта ўқилди.

                                         Oilada sog’lom bola tarbiyasi
   Odamni jufti ila yaratgan, uning zurriyotini qiyomat kunigacha taratgan Allohga behisob hamdu sanolar bo’lsin! Oilaviy hayotini ibodat darajasida ekanini bayon qilib, uni yuritish tartibi haqida ta’lim bergan Payg’ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo’lsin!
 
   Oila – jamiyatning boshlang’ich tayanchi. Oila obod va farovon ekan, jamiyat yuksaladi, farovon jamiyatda yashagan oqil kishilar oxirat dunyosini ham obod qilish harakatida bo’ladilar. Natijada inson ikki dunyoda saodatga erishadi.
 
   Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas (Ey Muhammad!) o’zingizni doimo to’g’ri bo’lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o’sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o’zgartirish yo’q. Eng to’g’ri din shudir, lekin ko’p odamlar (buni) bilmaslar” (Rum surasi 30-oyat).
 
   Oila qurish ijtimoiy hayotning tartibiga tushishi uchun eng muhim omilidir. Inson shu yo’l bilangina naslining poklik ila bardavom bo’lishini ta’minlaydi. Zero, oila qurishdan ko’zlangan eng ulug’ hikmat ham  – inson naslining davomiyligidir. Farzandlar inson naslini davom ettiruvchilardir. Qur’oni karimda shunday marhamat  qilinadi: “Alloh sizlar uchun o’zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o’g’illar va nabiralar paydo qildi hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne’matlarini inkor etadilarmi?!” (Nahl suarasi 72-oyat)
 
   Oilaviy hayot jamiyatni axloqiy tanazzuldan saqlaydi. Halol yo’l bilan bino bo’lgan oila jamiyatning sog’lom tarzda bardavom bo’lishi uchun xizmat qiladi. Zero, islomning va kelajagini o’ylagan barcha jamiyatning eng oliy maqsadi ham shu, ya’ni inson naslini muhofaza qilishdir. Bundan tashqari, inson ruhiy va nafsoniy halovatni ham faqat oilasida topadi. Ertalab turli yumushlar bilan xizmatga otlangan oila boshlig’i, charchab, horib qaytganida, uni jufti haloli kutib olishi, dasturxon atrofida farzandlari bilan jam bo’lishi unga nechog’li xursandchilik bag’ishlaydi. Barcha muammolarini, charchoqlarini unutadi. Shuningdek, ro’zg’or bekasi ham umr yo’ldoshining borligi tufayli xotirjam bo’ladi, otasining mehridan baxtiyor farzandlar bag’ri butun bo’ladi. 
 
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) sizlar (nafsini qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o’zlaringizdan juftlar yaratgani va o’rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” ( Rum surasi 21-oyat)
 
   Oila qurishning hikmatlaridan yana biri, farzand tarbiyasida er va xotinning hamkorligidir. Oilada baxtiyor hayot bardavom bo’lishida, o’z mas’uliyatlarini ado etishda eru xotin uzviy hamkordirlar. Ayol tabiatiga ko’ra, oilada o’ziga yuklatilgan xos mas’uliyatni ado etish bilan birga, farzand tarbiyasi bilan mashg’ul bo’ladi. Shuningdek, er ham tabiatidan kelib chiqib, o’ziga yuklatilgan xos mas’uliyat, ya’ni oilasini har jihatdan ta’minlash, muhofaza etish kabi ishlar bilan birga farzandlar tarbiyasiga alohida ahamiyat beradi. Oilani risoladagiday yuritish va farzand tarbiyasida biri ikkinchisining ishini to’ldiradi, kamolga etkazadi. Shundagina eru-xotin o’rtasidagi hamkorlik samarali bo’ladi. Ular ko’zlangan maqsadga erishadilar. 
 
   Imom G’azzoliy rohimahulloh bunday deganlar: “Farzand ota-ona huzuridagi omonatdir. Uning pokiza qalbi nafis gavhardir. Agar unga yaxshilik o’rgatilsa, yaxshilik uzra voyaga etadi, dunyo va oxiratda baxtiyor bo’ladi. Agar yomonlik o’rgatilsa yoki beparvolik qilinsa, baxtsiz bo’ladi va halok bo’ladi. Uni asrash esa, unga odob berish, keraksiz narsalardan saqlash va go’zal axloq ila tarbiya qilish bilan bo’ladi”. 
 
   Farzandga risoladagiday tarbiya berish g’oyat mas’uliyatli, murakkab jarayondir. Chunki ota-onaning farzandi oldidagi burchlaridan shundaylari bor, ma’lum bir vaqtda biror ishni qilish bilan yoki mol-mulk sarflash bilan u oxiriga etadi. Ammo tarbiya eng mas’uliyatli va eng uzoq davom etadigan burch hisoblanadi. Ota-onaning farzand ne’matiga bo’lgan amaliy shukronasi ham ushbu burchni sharaf va sabr bilan ado etishlari tufayli yuzaga chiqadi.
   Tarbiyaviy mas’uliyat haqida so’z borar ekan, islom ulamolari farzandga axloqiy, jismoniy, aqliy, nafsiy, ijtimoiy va jinsiy tarbiya berish lozimligini ta’kidlaydilar.
 
 Nurulloh Yaxyoyev
Said po Band kusho masjidi imom xatibi
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 06:40
Куёш: 07:34
Пешин: 13:10
Аср: 15:55
Шом: 17:35
Хуфтон: 18:55
Тўлиқ тақвим »
Сайтдан излаш
Аудио
Telegram