Qur'on - qalblar shifosi...
22 2018 .
1147 қ.

Qur'on - qalblar shifosi...

    Alloh taoloning kalomi Qur’oni Karim insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, qalblarni poklaydi, odobini sayqallaydi, ikki dunyo saodatiga yo‘llaydi. Qur’oni Karim odamzotni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga, kufrdan iymonga, torlikdan kenglikka, mahzunlikdan xursandchilikka, bezovtalikdan xotirjamlikka olib chiqadigan Allohning mo'jiz kalomidir.
    Alloh taolo o'zining kalomida:
"Sizlarga ravshan nur (Qur’on)ni nozil etdik".
   Darhaqiqat, Qur’on nurdir. Kim unga ergashsa, Qur’on uning yo‘lini yoritib boradi.
    Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida: "Qur’on - bu dunyoda mo‘minga nur va qiyomat kunida savobga muhtoj bo‘ladigan paytda zaxira bo'ladi, deya marhamat qilganlar.
    Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Bir kuni men: "Yo Rasululloh, menga nasihat qiling?", dedim. U zot sallallohu alayhi vasallam: "Allohga taqvo qilgin, chunki u barcha ishlaringning boshidir", dedilar. Men: "Yo Rasululloh, yana ziyoda qiling", dedim. Shunda u zot: "Sen Qur’on tilovatini o‘zinga lozim tutgin. Zero u sen uchun yerda nur va osmonda zaxira bo‘ladi", dedilar.
    Allohning kalomi Qur’on Karim muborak kitobdir. Kim uni tilovat qilsa, undagi buyruq va nahiylarga amal qilsa, hayoti barokatli bo‘ladi.
    An’om surasining 155-oyatida bu haqida shunday deyilgan: "Biz nozil qilgan bu Kitob muborakdir. Bas, unga ergashinglar. Va taqvo qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangizlar".
    Qur’on Karim rahmat va shifodir.
    Isro surasining 82-oyatida bu haiqda shunday deyilgan:
"(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz".
    Qur’on ham moddiy, ham ma’naviy dardlarga shifo bo‘lib, Allohning bandalariga bergan buyuk rahmatidir. Qur’on qalbdagi kirlarni ketkizib, uni musaffo holatga keltiradi.
    Rosululloh sallallohu alayhi vasallam: "Bu qalblar xuddi temir zanglaganidek, zanglab qoladi", dedilar. Sahobalar: "Uning zangini ketkazadigan narsa nima?", deb so‘rashdi. U zot: "Qur’on tilovati", deb javob berdilar".
    Qur’onni xolis Alloh roziligi uchun o‘qigan kishi qiyomat kunida mushk anbarga burkanadi.
    Rosululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Uch toifa insonni qiyomat kunidagi katta qo‘rqinch qo‘rqita olmaydi va ularga hisob yetmaydi. Xaloyiq hisob qilingunicha ular mushk ichra bo‘ladilar. Ular Alloh roziligi uchun Qur’on o‘qigan va u bilan qavmga imomlik qilgan, jamoat ham undan rozi bo‘lgan kishi, Alloh roziligi uchun besh vaqt namoz o‘qishga chaqirgan da’vatchi va o‘zi bilan Parvardigori hamda o‘zi bilan xo‘jayinlari orasidagi muomalani chiroyli qilgan inson".
    Darhaqiqat, Qur'on naqadar buyuk ne’mat. Oxiratda hamma hisob-kitobim nima bo‘lar ekan, deb xavotirga tushib terga botib turganda, dunyo hayotida Allohning roziligini istab Qur’on o‘qigan kishi hamma havas qiladigan darajada xotirjam holda jannatga kirishini kutib xushbo‘yliklar uzra rohatlanib o‘tiradi.
    Qur’on o‘qib yurgan kishi bu ummatning eng sharaflisi hisoblanadi. Chunki u Allohning kalomini yod olgani uchun Allohning o‘zi uni aziz qilib qo‘yadi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Qorilar ummatimning sharaflilaridir", deb marhamat qilganlar.
    Qur’on qiyomat kunida: "Allohim, bu bandangni mag‘firat qilgin. Chunki u meni yod olgan va har doim tilovat qilib yurgan. Kechqurunlari bedor bo‘lib meni qiroat qilgan", deb shafoat qiladi.
    Rosululloh sallallohu alayhi vasallam: "Qur’onni ko'proq tilovat qilinglar. Chunki Qiyomat kuni qur'on o‘qigan egasiga u shafoatchi bo‘lib keladi", deganlar.
     Qur’on o‘qish va yod olishning ajr-savobi juda ham kattadir.
    Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qur’ondan bir yoki ikki oyat o‘qishni eng qimmat baho tuyaga ega bo‘lishdan afzal qo‘yganlar.
    Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Biz suffadaligimizda Rosululloh sallallohu alayhi vasallam huzurimizga chiqib: "Sizlardan qaysi biringiz har kuni Buthon yoki Aqiq nomli yerga borib, u yerdan ikki katta o‘rkachli tuyani, gunohga botmagan holda va qarindoshlardan aloqasini uzmagan holda olib kelishini yaxshi ko‘radi", deganlarida, biz: "Ey Allohning rasuli, unday bo‘lishini yaxshi ko‘ramiz", deb aytdik. Shunda u zot: "Sizlardan biringiz masjidga borib, u yerda Qur’on o‘rganib yoki Alloh azza va jallaning kitobidan ikki oyat o‘qishi ikki tuyadan yaxshiroqdir. Uch oyat o‘qishi uch tuyadan yaxshiroqdir. To‘rt oyat o‘qishi to‘rtta tuyadan yaxshiroqdir. Oyatlarning adadlari tuya adadlaridan yaxshiroqdir", dedilar.
     Ushbu hadisda birgina oyat evaziga beriladigan ajrning naqadar ulkan bo‘lishi aytib o‘tilmoqda. Shu o‘rinda bir narsani ham ta’kidlab qo‘yish lozim. Kimdir bu hadisni o‘qib, bir oyatga bir tuya ekanda, deb beriladigan ajrni past deb bilmasin. Avvalambor hozirgi kunda ham tuyalar juda qimmat, bundan tashqari Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam davrlarida minishga eng qimmat va obro‘li ulov tuya bo‘lgan. Shuning uchun u zot tuyani misol qilganlar. Agar o‘sha tuyani hozirgi kundagi eng qimmatbaho ulovlarga taqqoslaydigan bo‘lsak, bir oyatga beriladigan ajrning naqadar ulkan bo‘lishini yaxshi his qilamiz.
    Boshqa bir hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: "Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga buning uchun bir savob yoziladi. Har bir savob esa o‘n barobarga ko‘paytiriladi. "Alif. Laam. Mim – bir harf" demayman. Balki "Alif" bir harf, "Laam" bir harf, "Mim" bir harf", dedilar".
    Ibn Kasir rahmatullohi alayh mashhur "Tafsir al-qur’anil azim" kitobida Qur’ondagi harflar adadi borasida Mujohid rahmatullohi alayhning so‘zlarini keltirganlar: "Hisobimizga qaraganda, Qur’oni karimdagi suralarning harfi uch yuz yigirma ming o‘n beshta harfdan iborat", deganlar.
    Hozirgi texnika rivojlangan davrda ba’zi mutaxasislar Qur’ondagi harflar sonini elektron asboblar yordamida hisoblab, bergan ma’lumotiga ko‘ra, Qur’onda 322604 ta harf bor. Ushbu raqamni hadisda aytilganidek o‘nga ko‘paytirsak 3226040 ta (uch milion ikki yuz yigirma olti ming qirq) hasanaga teng bo‘ladi.
    Demak, kim Qur’onni bir marta xatm qilsa, uch milion ikki yuz yigirma olti ming qirqta savobga ega bo‘ladi. Endi tasavvur qilib ko‘ring, har oyda Qur’onni bir marta xatm qilgan kishi erta qiyomat kunida nomoyi a’molini ko‘rganda son-sanoqsiz ajrlarni ko‘rib xursand bo‘lishi tabiiydir.
    Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga ham o‘rgatadiganlaringizdir", deb marhamat qilganlar.
     Qur’on yodlagan kishi qancha ko‘p surani yodlagan bo‘lsa, jannatda darajasi shuncha baland bo‘ladi.
    Rosululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Qur’onni yodlagan kishiga: "Qiroat qilib ko‘tarilavergin. Dunyoda qanday tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shunday tartil qilgin. Albatta, sening jannatdagi manziling oxirgi qiroat qilgan oyatingacha ko‘tarilib borib oyat tugashida to‘xtaydi", deyiladi.
      Demak, kim jannatda oliy darajada bo‘lishni istasa, Qur’on suralaridan ko‘proq yodlasin. Qur’on o‘z sohibini do‘zaxga kirishdan saqlaydi.
    Abu Umoma roziyallohu anhu: "Qur’onni yodlanglar. Chunki qalbida Qur’oni bor odamni Alloh do‘zax olovi bilan azoblamaydi", deganlar.
     Qur’on insonni Allohga yaqinlashtiradi. Buni yaxshi anglab yetgan buyuk sahoba Xabbob Ibn Art roziyallohu anhu: "Allohga yaqinlashinglar. Shuni bilib qo‘yingki, hech bir banda Allohning kalomini o‘qish bilan Allohga yaqinlashganchalik boshqa narsa bilan yaqinlasha ololmaydi", deya ta'kidlaganlar.
 

Karimov Olimjon
Peshku tuman "Xo'ja Peshku" jome'
masjidi imom xatibi
 
«қ

-
: 06:30
: 07:24
: 13:10
: 16:00
: 17:35
: 19:00
Ңқ қ »
» »
»
Telegram