Мотурудий асарлари
06 сентябр 2018 й.
33 марта ўқилди.


 ABU MANSUR AL-MOTURIDIYNING ASARLARI

1. «Ta’vilotu ahlis-Sunna» yoki «Ta’vilotul-Qur’on». Sakkiz mujalladdan iborat bu asar Qur’oni karimning tafsiri bo‘lib, unda asosan, islomiy aqidaga nisbatan turli qarashlar bayon etilib, moturidiya aqidasi asosida ularga baho berilgan. Tafsirni al-Moturidiyning shoh asari deb atash mumkin. Uning qo‘lyozma nusxalari Misr, Makka, Damashq, Hindiston, Turkiya va Toshkent kutubxonalarida saqlanmoqda. Toshkent nusxalari taqriban 700 yil burun ko‘chirilgan. Asarning birinchi jildi Misrda nashr etilgan.
Tafsirga Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy sharh yozgan. Bu sharh qo‘lyozmasi hanuz chop etilmagan.
2. «Kitobut-tavhid». Kalom ilmiga oid eng muhim asar. Moturidiya aqidasiga oid barcha asarlarning eng birinchi va asosiy manbasi sanaladi. Asar hozirda o‘zbek tiliga o‘girilmoqda.
3. «Sharhul-fiqhil akbar». Abu Hanifa an-No‘‘mon (Imom A’zam) qalamiga mansub aqida bobida bitilgan ilk asar «Al-Fiqhul-akbar»ning sharhi. Ba’zi olimlar bu sharh Shayx Moturidiyga tegishli emas, balki u Abul-Lays as-Samarqandiyga mansub deydilar.
4. «Risola fil-aqida». 1953 yilda Anqarada chop etilgan.
5. «Risola fil-imon».
6. «Al-maqolot».
7. «Bayonu vahmil-mo‘‘tazila».
8. «Raddu tahzibil-jadal».
9. «Raddu vaidil-fussoq».
10. «Raddu avoilil-adilla».
11. «Raddul-usulul-xamsa».
12. «Arraddu alal-qaromita».
13. «Raddul-imoma».
14 «Ma’xazush-shari’a». 
15. «Kitobul-jadal».
Mazkur kitoblarning oxirgi ikkitasi fiqhga doir, qolganlari aqidaviy masalalarga bag‘ishlangan.
 
MOTURIDIYA NAZARIYASINING O’RTAHOLLIGI
Avvalo, shuni qayd etib o‘tish lozimki, moturidiya aqoidini faqat Abu Mansur Moturidiyning o‘zi ixtiro qilgan emas. Balki aqoidning asoslari, arkonlari va bandlari ungacha ham ma’lum darajada shakllangan edi. Aqida ilmi tobe’inlar davridan boshlab, ya’ni hijratning ikkinchi asrida mustaqil fan sifatida zohir bo‘la boshlagan. Mashhur tobe’inlardan Hasan Basriy (21-110 h.) aqida masalalari bo‘yicha dars aytgani, mo‘‘tazila oqimining boshlanishi ham o‘sha paytda ro‘y bergani tarixiy manbalardan ma’lum. Abu Hanifa (Imom A’zam) yashagan davrda esa islom niqobi ostida turli oqim va firqalarning yuzlab turlari yuzaga kelgandi. Ular bilan kurashish uchun esa aqida mustahkam bo‘lishi zarur edi. Bunday dolzarb masalaga Abu Hanifa befarq qarab tura olmaganlar, balki aqida faniga oid birinchi asar - «Fiqhi akbar», Usmon al-Battiy (al-Bustiy)ga yozgan raddiyasi, beshta vasiyatnomasini yozib qoldirganlar. Demak, mazhabimiz asoschisi Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (rahmatullohi alayh) nafaqat fuqaholar peshvosi, balki aqida va ilmi kalomga ham asos solgan buyuk siymolardan bo‘lganlar.
Shayx Abu Mansur hazratlari diniy ta’limni hanafiya ulamolarining ko‘zga ko‘ringan mashhur namoyandalaridan olganlari va diniy fanlar bo‘yicha qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklariga yozib qoldirgan asarlari guvohlik beradi.
Shayx yashagan davrda aqida ulamolari ikki asosiy manbaga suyanganlar. Birinchisi — oyat va hadislar hamda sahoba va tobe’inlarning ijmo va ijtihodlari, ya’ni naqliy dalillar. Ikkinchisi — aqliy dalillar. Shayx Abu Mansur esa boshqalarga taqlid qilmadilar, balki naqliy dalillar bilan aqliy dalillarni uyg‘unlashtirib, undan so‘ng xulosa chiqardilar. Aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko‘zda tutiladi. Vaholanki, salaf ulamolarining ko‘pchiligi bu dalillarni tan olmas edilar, balki naqliy dalillarning o‘zi bilan kifoyalanardilar. Shayximiz esa, bu ikkisidan ham munosib ravishda istifoda etib, o‘rtahollikni ixtiyor qilgan ekanlar. Darhaqiqat, naqliy dalillarni yaxshi anglash uchun aqliy dalillarni ham puxta bilish shartligini hech kim inkor eta olmaydi. Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e’tiborga olib, Shayx ko‘p joylarda inson aqli juda ko‘p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqdirib o‘tadilar. Shu bilan birga, aqlning Alloh tomonidan ato etilgan eng buyuk mislsiz ne’mat ekani, undan oqilona foydalanish zarurligini ham ta’kidlab o‘tadilar.
(davomi bor…)

Kogon shahar “Alisher Navoiy” 
jome` masjidi imom xatibi
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:35
Куёш: 06:25
Пешин: 13:10
Аср: 17:25
Шом: 19:05
Хуфтон: 20:25
Тўлиқ тақвим »
Сайтдан излаш
Аудио
Telegram