Mir Arab oliy Madrasasida imtihonlar boshlandi
23 июл 2017 й.
472 марта ўқилди.

         Muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan boshlangan ezgu amallar mantiqiy davomini ko`rish bizni doim g`ururlantiradi. “Mir Arab’’ madrasasiga oliy madrasa maqomini berganliklari xalqimizning necha yillik orzusi ushalganligining yaqqol isbotidir. Ham diniy, ham dunyoviy bilimga ega bo`lgan kadrlarni tayyorlash, ularning ma`naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ijodiy salohiyatini oshirish, Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash bizning asosiy va musharrak maqsadimiz ekanligi hech kimga sir emas. “Mir Arab” oliy madrasasidek muqaddas dargohga abiturientlar ichidan  eng munosiblarini tanlab olish muhim masala hisoblanadi. Ularning har tomonlama iqtidorlarini anglash, haqqoniy imtihon o`tkazish dolzarb masala sifatida e`tirof etiladi. Bu uchun shu soha mutahassislarini jalb etish zarur.    Bugun 23-iyul kunining muborak tongi  soat 8:00da “MirArab” oliy madrasasida imtihonlar boshlab yuborildi. Imtihonlarni tashkillashtirish va adolatli hakamlik qilishlari uchun mutasaddi tashkilot vakillari jalb etildi, jumladan  O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi din ishlari bo’yicha qo’mita  ta`lim bo`limi mudiri Sherxanov Salohiddin, O`zbekiston Musulmonlari idorasi ta`lim bo’limi mudiri  Do`smatov Akbar hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Buxoro shahar  “Mir Arab” o`rta maxsus  islom bilim yurti  mudarrislardan tashkil topgan. Ishchi guruh imtihonlarni olib boradi.           
Barcha abiturientlar jam bo`lgandan so`ng imtihonni boshlash oldidan Buxoro viloyati bosh imom xatibi Mansur Nurullayev nutq so`zladi: “Biz bugun yurtboshimiz atroflarida jipslashib, yuksakka safar boshladik. Yoshlar bizning ertamiz. Buyuk O`zbekiston kelajagini biz faqat ilmli va iqtidorli kadrlar shuurida ko`ramiz. Yaratilgan imkoniyatlardan to`g`ri foydalanib , kamolotga intiladigan yoshlarni muhtaram yurtboshimiz qo`llab-quvvatlayotganliklari bizni baxtiyor etadi. Jumladan, “Mir Arab”  oliy madrasasi tashkil etilishi ham nafaqat Buxoro, balki butun O`zbekiston yoshlarining iqbolidir. Bu dargoh bitiruvchilari ham diniy ham dunyoviy ilmlardan xabardor, islom dinining asl mohiyatini anglagan, avlodlarga benuqson yetkazib bera oladigan kadrlar bo`lib yetishishadi albatta. Bu dargohning ilk toliblari bo`lguvchi, pok niyatli farzandlarimizga Bahouddin Naqshband pirimiz hamda butun xalqimizning duolari madadkor. Men barchangizga omad va ruhiy madad tilayman. Sizlarning barchangiz bu ta`lim muassasi tolibi bo`lishga haqlisiz!”. Aytilgan bu kabi sof kalom va pok niyatlar  abiturientlar ruhini ko`tardi. Yuzlaridagi tabassum ifodasidan ham buni anglash qiyin emas.                                                                                                      
    Uch kun davom etadigan imtihonning birinchi kuni ijodiy sinovdan boshlandi. Dastlab 23-24 iyul kunlari fiqh, aqoid va  arab tili fanlaridan imtihon topshiradigan abiturientlarning bilimlari aniqlanadi. So`ngra 25-iyul kuni “O`zbekiston tarixi”  fanidan test sinovlari olinadi. Hujjat topshirgan 152 ta abiturientlardan imtihonlarni ijobiy bahoga topshirgan  50 nafari “Mir Arab” oliy madrasasi tolibi bo`lish baxtiga muyassar bo`ladilar.
             Biz imtihon topshirayotgan yoshlar ichidan munosiblari talaba bo`lishlariga ishonamiz. Imtihonlarni topshirish jarayonida ularga kuch-g`ayrat, shijoat tilaymiz. 
                                                    O'zbekiston musulmonlari idorasi 
                                             Buxoro viloyati vakilligi  axborot markazi 
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 07:00
Куёш: 07:53
Пешин: 13:10
Аср: 15:50
Шом: 17:30
Хуфтон: 18:50
Тўлиқ тақвим »
Сайтдан излаш
Аудио
Telegram