Alhikam al Atoiyya: 1-hikmat
04 декабр 2014 й.
2486 марта ўқилди.

1-hikmat:

من علامة الإعتماد علي العمل نقصان الرجاء عند وجود الزلل                            

Tarjima :“ Xato va kamchiliklar qilganda rajo (Allohga nisbatan bo`lgan umid)ning kamayishi bu o`z amaliga suyanishlikning belgisidir”.

Sharh: Ey Alloh roziligini istab yo’lga chiqqan, Ungagina suyanish, U zotdangina yordam so’rash halovatini tuyishni istagan inson! Alloh barcha ishlarni o’z sabablariga bog’lab qo’yganini unutma. Masalan toatu ibodatlar Alloh taolo roziligiga erishishingga sabab bo’ladi. Gunohu ma’siyatlar esa U zotdan uzoqlashishingga boisdir. Ammo barcha sabablar bilan ovora bo’lib haqiqiy musabbib-Alloh taoloni unutish eng katta xatodir.  Buni quyida sharhlaymiz: Inson Allohga toat ibodat qilib, Uning amrlariga bo`ysunib yurganida Allohdan umidi katta bo`ladi. Undan barcha yaxshiliklarni so`raydi, yomonliklardan panoh so`raydi. Oxiratda buyuk maqomlarni umid qiladi. Ammo u ba`zida ibodatlarni qilolmay qolsa yoki ba`zi bir man` qilingan ishlarga qo`l urib qo`ysa, uning Allohga nisbatan bo`lgan barcha umidlari susayadi. Yoxud bir kishi gunohu ma’siyatga g’arq bo’lib yurganda o’zini Allohdan uzoq, duolari ham qabul qilinmaydigan inson sifatida ko’radi, ammo, u ibodatga kirib solih ishlarni qilishni boshlashi bilan o’zida Allohga yaqinlikni, yaxshilikni seza boshlaydi. Bu ikkala holatda ya’ni ijobiy va salbiy holatda ham unda qilayotgan amallariga suyanishni, yaxshiliklari ko’paygan sari Allohdan qo’rqishi (xavfi) kamayib, U zotdan umidi (rajosi) ko’payganini, yomonliklari ko’payganda esa xavfi ko’payib rajosi kamayganini ko’ramiz.  Shuni yaxshi bilishing lozimki, mo`min kishi Allohdan qo`rqishi (xavf) va undan umidvor bo`lishi (rajo) uning yashayotgan har lahzasida ikkalasi barobar tarzda gavdalanishi kerak. Barcha ishda Allohning fazlu karamiga, uning qudratiga suyanishi darkor. Alloh taolo bizga amal qilishni lozim qildi. Ammo biz qilayotgan ojizona va purnuqson amallarimizni qabul qilishi ham U Zotning fazli marhamati bilan xolos. Zero insondek zaif maxluq Allohdek buyuk  Zotga kamchilik va nuqsonsiz qanday ham ibodat qila olsin, Uning haqqini qanday ham ado eta olsin?! Shuning uchun musulmon har qanday holatda ham faqatgina Allohning fazlu marhamatidan umid qilaverishi lozim. Amallarni qilganda umid qilib gunohkor bo`lganda umidi susayishligi Allohga emas, balki o`z amaliga suyanganlikdan darak beradi. Bu esa noto’g’ri. Chunki qilgan amallariga suyanib rajosi ko’payib ketgan kishi o’zining amallari nuqsonli ekanini, qancha amal qilgani bilan Allohning ne’matlari shukrini ado etolmasligini unutib qo’yib, U zotning azobi, hisob kitobi, qiyomat dahshatlari va Uning g’azabidan qo’rqish ya’ni xavf tushunchasini o’zidan uzoqlashtirgan bo’ladi. Bu ayni xatodir. Zero xavfu rajosi teng va barobar bo’lsagina musulmonning iymoni mukammal bo’ladi.
E`tibor berib qaralsa bu yerda rajo – umid masalasi qanday bo`lishligi haqida aytilyapti. Bu hikmatni xato fahmlab – amal qilish va qilmaslik barobar ekanda – degan tushunchaga bormaslik kerak. Zero inson qalbidagi e`toqodni amali bilan isbotlaydi.    

«орқага

Бухоро -
Бомдод: 07:00
Куёш: 07:44
Пешин: 13:10
Аср: 15:50
Шом: 17:25
Хуфтон: 19:05
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram